Muvaffaqiyatga erishish ko’nikmalariga ega maktab bitiruvchilarini tarbiyalaydigan ta'lim tizimi sari
O’zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimli va kompleks islohotlarni amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Oʻzbekiston maktab bitiruvchilariga muvaffaqiyat qozonishning asosi boʻlgan tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish va amaliy koʻnikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini beruvchi ta'lim tizimini yaratish ustida ishlamoqda. Islohotlar rejasi ta'lim sohasi xodimlarining oʻqitish amaliyotini oʻzgartirish, ya’ni yodlash va faktlarga asoslangan ta'lim tizimidan oʻquvchilarning olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllash qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan tizimga oʻtishga qaratilgan.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) vazirlikni islohotlarni amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlash uchun 2019-yilning dekabr oyida toʻrt yillik, qiymati 29.5 million AQSh dollariga teng “Oʻzbekistonda barkamollik uchun ta'lim dasturi” ning ijrosini boshladi. Dastur to‘rtta asosiy natijalarga erishish va ularning barqarorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan:
- Ona tili (o’zbek tili) fanidan o‘qitish natijalarini yaxshilash;
- Matematikani o‘qitish natijalarini yaxshilash;
- Informatika va axborot texnologiyalari (IAT) fanini o‘qitishni takomillashtirish; va
- Xorijiy til - ingliz tili fanini o‘rgatishni takomillashtirish.
Asosiy mavzular kesimida salohiyatni oshirish, gender tenglik va ijtimoiy inklyuziya, shaffoflik, mahalliylashtirish va barqarorlik ham hisobga olinadi.
Natijalarga erishish hamda salohiyatni oshirish maqsadida dastur ikki yo'nalishli yondashuvdan foydalanadi va butun O‘zbekiston bo‘ylab islohot ta'siri doirasidagi asosiy guruhlar bilan ishlaydi. Ushbu ikki yoʻnalishli yondashuv barcha faoliyat turlarida salohiyatni oshirish prinsiplari va usullarini o‘z ichiga olib, muayyan mutaxassislar va guruhlar uchun maqsadli kasbiy rivojlanishni ta'minlaydi. Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda quyidagilarni amalga oshiradi:
- Ona tili, matematika, IAT va xorijiy til - ingliz tili fanlaridan talablarga mos va tegishli ta’lim standartlarni ishlab chiqish;
- Ushbu to‘rt fan bo‘yicha o‘quv-metodik majmualarni yangilash va sinovdan o‘tkazish;
- O‘qituvchilar uchun kasbiy faoliyatdan ajralmagan holda malaka oshirish va qo‘llab-quvvatlash yondashuvini ishlab chiqish va amalda tatbiq etish;
- Monitoring, baholash va o‘rganish faoliyati, shu jumladan, ta'sirlarni baholash bo‘yicha tadqiqotlarni o‘tkazish.
O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturining faoliyati 1000 tagacha o'rta umumta'lim maktablarining o‘quvchilari hamda boshlang’ich sinflarning 13000 nafarga yaqin o‘qituvchilari, maktab rahbar xodimlari va murabbiylariga manfaat keltiradi. Dastur respublika miqyosida asosiy manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda ta’lim standartlari, darsliklarning hajm va tartibi namunasini ishlab chiqish, ona tili va matematika fanidan darslik hamda oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalarni ishlab chiqish, shuningdek, IAT va xorijiy til – ingliz tili fanlaridan xalqaro nashriyotlarning darslik va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalarini ishlab chiqish va moslashtirish ustida ish olib boradi. Shuningdek, O‘zbekistonda barkamollik uchun ta'lim dasturi materiallarni saqlash va o‘qituvchilar virtual tarzda foydalanishlari uchun raqamli platformani ham joriy etadi.
O‘zbekistonda barkamollik uchun ta'lim dasturi RTI international yetakchiligida Florida davlat universiteti va Mississippi davlat universitetidan iborat hamkorlik konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.