Toshkentdagi universitetlardan birida ingliz tilidan dars beruvchi uch nafar farzandning (10, 7 va 3 yosh) onasi Malikaning hayoti kundalik tashvishlari bilan band edi. Lekin keyin pandemiya boshlanib barcha insonlar uylarda qamalib qoldilar. Dunyo bo’ylab shiddatli tarqalayotgan virusdan tashqari hamma narsa to’xtab qoldi, go’yo.

“Hammamiz xuddi oxirida yorugʻlik koʻrinmaydigan tunnelga tushib qolganday edik goʻyo”, deya eslaydi Malika. “Barchamizning diqqatimizda COVID-19 virusi va uning har xil yoshdagi insonlar sog’lig’iga taʼsiri haqidagi yangiliklar edi. Xabarlarni kuzatib, farzandlarimning salomatligidan xavotirlanishni boshladim”.

Mamlakatda ta’sis etilgan karantin davrida Malika farzandlari bilan ikki oydan koʻproq vaqt uyda qolishdi. Yangi “normal” holatga moslashish ularga oson kechmadi. “COVID-19 uyimizda koʻplab kundalik odatlarimizning oʻzgarishiga olib keldi. Misol uchun, ortiq suzish darslariga borolmasdik, tashqarida oʻynay olmasdik yoki buva va buvilarimizni koʻrgani bora olmasdik”, deydi Malika.

Shahardagi barcha maktablar, jumladan, universitetlar ham onlayn dars berish tizimiga oʻtdi. Onlayn o’qitishdan tashqari Malika virus tarqalishini oldini olish uchun bolalariga ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish va qoʻllarni yuvib turish haqida tushunchalar berdi. “Ha deb ‘qo‘llaringizni yuving!’ deyaveresangiz bolalar bundan tez zerikib gigiyenaga amal qilishning muhimligini unutishadi. Karantin tugab, jamoat joylari qaytadan ochilishni boshlaganida gigiena masalasi bizning oilamiz uchun undan-da muhim ahamiyat kasb etdi”, deb taʼkidlaydi u.

O’tgan yilning avgust oyida Oʻzbekistonda maktablar ochilishidan sal oldin, Malikaning farzandlari YouTube tomosha qilayotib Sezam koʻchasidagi Elmoning qoʻl yuvish haqidagi qoʻshigʻiga duch keldilar. Allaqachon Elmoning tish tozalash haqidagi “Brushy Brush” qoʻshigʻining ashaddiy muxlisiga aylangan 7 yashar Zinnura va 3 yashar Zarifa darhol “Washy Wash” qo’shig’ni xirgoyi qilishni boshladilar. “Qizlar nafaqat videoni koʻrib qoʻshiqlarni kuylashadi, ular yana Elmoning qoʻl yuvish harakatlarini ham qaytarishadi”, deydi Malika jilmayib.

Qoʻllarni doimiy ravishda va toʻliq yuvish endi ularning kundalik hayotining bir qismiga aylangan. Kuniga bir necha mahal bolalar bir-birlariga qoʻllarini Elmo kabi yuvishni eslatishadi. Malikaning oilasi USAIDning Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan kampaniyadan manfaat koʻrgan Oʻzbekistondagi yetti million xonadondan biridir.

Bolalarga COVID-19 haqida yaxshiroq tushunishlariga koʻmaklashish uchun USAID va Xalq taʼlimi vazirligi Sezam ko’chasi loyihasi muallifi boʻlgan Sesame Workshop notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Oʻzaro gʻamxoʻrlik nomli media toʻplamini ishlab chiqdilar.

Oʻzbekiston aholisi uchun moslashtirilgan ingliz va oʻzbek tilidagi toʻplam toʻgʻri qoʻl yuvish, aksirish, kasallikni yengib oʻtish, stress hamda yangicha reallikka moslashish haqidagi 11 ta videolavhadan iborat. Sentabr oyidan beri videolar milliy televideniyeda efirga uzatilib kelmoqda va vazirlikning onlayn taʼlim platformalari hamda ijtimoiy media kanallarida “Sezam ko’chasi yordamida ingliz tilini oʻrganing” nomi ostida ommalashtirilmoqda.

Undan tashqari, mamlakat boʻylab maktablar va malaka oshirish markazlarida toʻplam ichidan joy olgan plakatlar, bannerlar, boʻyash va mashq bajarish uchun daftarlar tarqatildi. Sesame Workshop bilan hamkorlikda USAID Oʻzbekistondagi bolalar va oilalarga ushbu tibbiy inqirozi roʻy berayotgan paytda oʻrganish va oʻynash uchun resurslar taqdim etib kelmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, ota-onalarning 75 foizidan koʻprogʻi ushbu videolavhalarni juda foydali deb topgan, 69 foizi esa chop etilgan materiallar ularning farzandlariga pandemiya sharoitida gigiyenaga rioya qilishga oid yangi maʼlumotlarni bergani haqida maʼlum qilgan.

“Elmo va Ebbi kabi sevimli personajlar ishtirokidagi rang-barang va oʻziga jalb etuvchi videolavhalar nafaqat uyda tegishli gigiyena odatlarini yaxshilashga, balki kasallikka chalingan ota-onaga qarash, ijtimoiy masofa saqlash va ota-onalarning ishga qaytishi kabi qiyinchiliklarni ham yengib oʻtishda koʻmak beradi”, deb taʼkidlaydi Malika.

Endir har safar eshik qoʻngʻirogʻi chalinganda Malikaning 3 yashar qizi eshikka qarab antiseptik sprey bilan yuguradi. “Qizim hali oʻqishni bilmaydi. Ammo u boshqalarga nisbatan gʻamxoʻr boʻlish oʻziga ham gʻamxoʻrlik qilish ekanini tushunadi”, deydi uning onasi.

 

Image
Malika with her three children
Sanobar Khudaybergenova for USAID