Vataniga qaytgan migrantlar oyoqqa turib olishi uchun imkoniyatlar yaratish

Yigirma toʻrt yoshli Shahnoza Abdurahmonova hozirgi kunda oʻz mahallasidagi koʻzga koʻringan kichik tadbirkorlardan biri. Аmmo bir necha yil muqaddam uning oilasi bazoʻr kun koʻrib, asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun ham qiynalar edi. «Kommunal toʻlovlarni toʻlay olmaganimiz bois uyimizni elektr energiyasi va gaz ta’minotidan uzib qoʻyishgani sababli, mening yoki turmush oʻrtogʻimning ota-onasinikiga borib yashab yurgan paytlarimiz ham boʻlgan», - deydi Shahnoza.

Shahnoza va uning turmush oʻrtogʻi qiynalmasdan roʻzgʻor tebratish umidida ishlash uchun Rossiyaga ketadi-yu, deyarli hech qanday jamgʻarmasiz qaytishga majbur boʻladi. Xorijda mehnat qilib yurib, ular topayotgan daromadi Rossiyadagi xarajatlarini bazoʻr qoplayotganini anglab yetadi. Аmmo uydagi sharoit ham havas qilgulik emasdi, negaki turmush oʻrtogʻining daromadi oilaning asosiy ehtiyojlarinigina qoplar, Shahnoza esa 4 yoshli oʻgʻlining kelajagi haqida qaygʻurardi. Oila doimo qashshoqlik chegarasida yashardi.

«Rossiyada ishlab yurgan chogʻimda chuchvara tayyorlashni oʻrgandim. Oʻzbekistonga qaytgach, chuchvara tugib, muzlatib, doʻstlarim va qoʻshnilarimga sota boshladim», - deydi Shahnoza.

Koʻp oʻtmay Shahnozaning mazali chuchvaralari mahalla boʻylab ovoza boʻldi. Sekin-asta buyurtmalar kela boshladi, jumladan, toʻy va bazmlarga ham. Аmmo uning yoʻlida bitta muammo turar edi: katta miqdordagi mahsulotni saqlash uchun muzlatgich kerak edi.

Shahnoza katta muzlatgich sotib olish uchun mablagʻ qidira boshladi, lekin rasman hech qayerda ishlamagani bois, kredit olishning imkoni boʻlmadi. U katta ziyofatlar uchun yarimtayyor chuchvara yetkazib berish uchun buyurtmalar olishi mumkin ediyu, lekin muzlatgich sotib olish muammosini qanday hal qilishni bilmas edi.

Mahalla qoʻmitasi unga vataniga qaytgan migrantlarga oʻz biznesini boshlashga yordam berish bilan shugʻullanadigan nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) - Xorazm viloyati «Istiqbol» ayollarni qoʻllab-quvvatlash markazi dasturiga ariza berishni tavsiya qildi. Mazkur NNT “Winrock International” tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” loyihasi doirasidagi sherigi boʻlib, bu hamkorlik inson huquqlari taʼminlanishi tamoyiliga asoslangan migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha ikki va koʻp tomonlama harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

«Istiqbol» markazi vataniga qaytgan migrantlar va odam savdosi qurbonlarining har bir murojaatini oʻrganib, ularga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish, biznes treninglar oʻtkazish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki uni kengaytirish uchun kerakli vositalarni xarid qilish orqali yordam berishga harakat qiladi. Shahnoza oʻz biznesini boshlagan boʻlib, uning aylanmasini oshirish va barqarorligini taʼminlash uchun muzlatgich zarur edi.

«Uning ishini astoydil oʻrganib chiqib, yordam berishga qaror qildik», – deydi «Istiqbol» markazi rahbari Iroda Ozodova. Dastur faoliyati Oʻzbekistonda ikki oy avval yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uning doirasida hozirgi kungacha 196 nafar vatanga qaytgan migrant, aholining ijtimoiy zaif guruhlari hamda migrantlar oilalariga ijtimoiy-psixologik, huquqiy va iqtisodiy yordam koʻrsatilib, ularning turmush tarzi ancha yaxshilanishiga erishildi.

«Kattaroq miqdordagi yarimtayyor mahsulotlarni saqlash uchun joy yetarli boʻlgach, lagʻmon, pirojki, vareniki va tuxum-barak (mahalliy Xorazm taomi) kabi taomlar tayyorlashni yoʻlga qoʻydim. Olgan daromadim evaziga elektr suv nasosi sotib oldim va endi oila aʼzolarimning suvdan foydalanish imkoniyati yaxshilandi», - deydi Shahnoza jilmayib.

«Ishlash uchun Rossiyaga borish oilamizning turmush sharoitini yaxshilashning yagona yoʻli, deb oʻylagandim. Endi esa niyatlarimni roʻyobga chiqarish uchun xorijga ketish shart emasligini tushunib yetdim», — deya qoʻshimcha qildi u. Shahnoza, 2021-yil dekabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonga qaytib kelib, oʻz shahrida turmush sharoitini yaxshilash uchun USAID loyihasidan koʻmak olgan 196 nafar migrantdan biridir.

Image