2021 yil 10-iyun, Toshkent, O'zbekiston - Bugun Mikaela Meredit AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning O'zbekistondagi Missiyasining birinchi direktori sifatida o'z vazifasini boshladi. Rivojlanish sohasida USAID bilan qariyb 30 yillik tajribaga ega Mikaela Meredit ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin 2018 yildan 2021 yilgacha USAIDning Albaniyadagi vakili va 2015 yildan 2018 yilgacha Ozarbayjonda USAID Missiyasining direktori bo'lib ishlagan. Shuningdek, u Yaman, Nigeriya, Kongo Demokratik Respublikasi va Vashingtonda (AQSh) turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. U AQShning Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti Xalqaro aloqalar maktabining magistr darajasiga ega.

"Biz bugun USAIDning O'zbekiston Hukumati va xalqi bilan sherikligining yangi sahifasi boshlayotganini guvohi bo‘lyapmiz, - dedi Alan Melser, AQShning O'‘zbekistondagi muvaqqat ishlari vakili. - USAIDning kengaytirilgan ishtiroki O'zbekistonni faol xususiy sektor va fuqarolik jamiyatini barpo etish, iqlim o'zgarishi, ta'lim va sog'liqni saqlash tizimlarini modernizatsiya qilish va samarali boshqaruvni mustahkamlashda qo'llab-quvvatlash bo'yicha umumiy qobiliyatimizni oshiradi".

"Yangi Missiyaning tashkil etilishi AQShning 2020 yilda qabul qilingan va Bayden ma'muriyati tomonidan yaqinda qo'llab-quvvatlangan Markaziy Osiyo strategiyasining bir qismi edi", - dedi Mikaela Meredit. "Men uchun USAID Missiyasining O'zbekistondagi birinchi direktori bo'lish katta sharafdir. Bu muhim vazifani men butun mas'uliyat bilan boshlayman", - deb qo‘shimcha qildi u.

USAIDning O'zbekistondagi ikki tomonlama missiyasi 2020 yil sentyabr oyida tashkil etilgan. Yangi Missiya AQSh Hukumatining O'zbekiston Hukumati va xalqi oldidagi uzoq muddatli majburiyatini ta'kidlaydi.

O'zbekistonda USAID iqtisodiy o'sishni yaxshilash, savdo-sotiq va xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Boshqa ustuvor yo'nalishlar qatoriga ta'lim, suv xo'jaligi, sog'liqni saqlash, qonun ustuvorligi va fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek qayta tiklanadigan energiya, xavfsiz migratsiya va odam savdosiga qarshi kurash masalalari kiradi.

USAIDning O'zbekiston bilan hamkorligi mamlakat mustaqillikka erishganidan ko'p o'tmay boshlandi. 1992 yildan beri Amerika xalqi USAID orqali gullab-yashnayotgan O'zbekistonning rivojlanishini qo'llab-quvvatlovchi dasturlarga 500 million dollardan ko'proq mablag' ajratdi.

###

USAID O'zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni oshirish, sog'liq uchun jiddiy tahdidlarni, shu jumladan COVID-19ni bartaraf etish va hukumatning aholi ehtiyojlarini qondirish uchun salohiyatini oshirish uchun hamkorlik qilmoqda. Qo'shimcha ma'lumot uchun tashrif buyuring: https://www.usaid.gov/uzbekistan.

###

Image
Mikaela Meredit
U.S. Embassy in Uzbekistan