2021 yil 20 avgust, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri – AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bugun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. USAID nomidan USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit va Qishloq xo‘jaligi vazirligi nomidan vazir Jamshid Xo‘jayev 2021 yilning 20 avgust sanasida o‘zaro Anglashuv memorandumini imzoladilar. Memorandumning maqsadi - yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.
"O‘n yildan ziyod vaqt mobaynida USAID O‘zbekiston hukumati va xususiy sektori bilan qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tovarlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda", - dedi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit. "Ushbu shartnoma mamlakatda olib borilayotgan hamkorlikdagi faoliyatimizni yanada mustahkamlaydi va o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga chakana savdoda, mahalliy hamda xalqaro bozorlarga chiqishda raqobatbardoshlikni oshirishga yordam beradi", - deb qo‘shimcha qildi u.
Tadbir davomida USAID O‘zbekistonda qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 1 mln. AQSh dollari ajratishini ma’lum qildi. Bu mablag‘ qishloq ayollarining axborot texnologiyalari va tadbirkorlik ko‘nikmalarini yaxshilash, ularga tadbirkorlik korxonalarini ochish va mahalliy korxonalarga rasmiy ishga joylashishlariga ko‘maklashish uchun tasarruf etiladi.
O‘tgan yilning iyul oyida o‘z faoliyatini boshlagan USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi - maqsadli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha qiymat qo‘shishning yangi texnologiyalari va boshqaruv amaliyotini joriy etish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida xususiy sektor ulushining o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan besh yillik loyihadir. Bu sa’y-harakatlar O‘zbekistonda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ayollar va yoshlarni sohaga jalb qilish, ta’lim muassasalarini xususiy sektor ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish va qishloq xo‘jaligi uchun qulay siyosatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida shuningdek, Agrobiznesni rivojlantirish jamg‘armasi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ushbu jamg‘arma O‘zbekiston bo‘ylab xususiy agrobiznes korxonalarining innovatsion g‘oyalarini moliyalashtiradi.
###
USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va mintaqaviy savdoni oshirish, salomatlik uchun jiddiy xavf-xatarlar, jumladan COVID-19ni bartaraf etish, hukumatning aholi ehtiyojlariga oqilona yondashish salohiyatini oshirish yo‘lida hamkorlik qiladi. Dastur to‘g‘risida batafsil ma’lumot uchun https://www.usaid.gov/uzbekistan saytiga tashrif buyuring.
###