Toshkent, O‘zbekiston, 2021 yil 15 mart - AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakillari bugun O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Zamonaviy aloqa zalining ochilish marosimida qatnashdilar. USAID ko‘magida yaratilgan ushbu noyob inshoot virtual va yuzma-yuz konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar uchun uchrashuv joyi bo‘lib xizmat qiladi.

“Ushbu Zamonaviy aloqa zali o‘zbekistonlik va mintaqaviy sheriklarimiz tomonidan energetika sohasini modernizatsiya qilish va mamlakatning toza energiya sohasidagi ulkan maqsadlariga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan muhim ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatning energiya xavfsizligini oshirish bo‘yicha AQSh hukumati bilan O‘zbekistonning sherikligini mustahkamlaydi”, - dedi Skott Xedland, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi iqtisodiy rivojlanish bo‘limi boshlig‘i.

O‘zbekistonning toza energiya sohasidagi rejalari 2030 yilgacha energiya balansi tarkibida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 25 foizgacha oshirishga qaratilgan. O‘n yil davomida hukumat quyosh energiyasi sohasida 5000 megavatt (MVt) va shamol energiyasi sohasida 3000 megavatt yangi quvvatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Rejalashtirilayotgan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishning energiya tizimiga ta’sirini har tomonlama tahlil qilish uchun USAID O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan hamkorlik qildi. Tadqiqot energetika sohasidagi asosiy manfaatdor tomonlar, shu jumladan energetika va innovatsion rivojlanish vazirliklari, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari va "Energiya" mintaqaviy muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi ishtirokida ishchi guruh tomonidan olib borilmoqda.

USAID tomonidan taqdim etilgan yangi kompyuterlar va modellashtirish uchun simulyatsiya dasturlari ishchi guruhga energiya tizimlarini samarali modellashtirish, xalqaro ekspertlar bilan bog‘lanish va onlayn seminarlarda ishtirok etish imkoniyatini beradi.

Bugungi kunga kelib, USAID "Kelajak uchun energiya ta’minoti" dasturi doirasida O‘zbekiston va qayta tiklanadigan energiya manbalarining ta’sirini o‘rganishda qatnashayotgan sheriklar uchun keng ko‘lamli texnik yordam va treninglar o‘tkazildi. 2020 yil may oyidan boshlab 125 dan ortiq virtual ishchi sessiyalar o‘tkazildi va 75 dan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislarning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish va tarmoq integratsiyasi sohasida malakasi oshirildi. 

###

USAID rivojlanish natijalarini erishishni tezlashtirish ustida ish olib boruvchi xalqaro taraqqiyot sohasidagi dunyodagi yetakchi agentlikdir. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun qarang: https://www.usaid.gov/central-asia-regional. USAIDning "Kelajak uchun energiya ta’minoti" dasturi haqida qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: https://www.usaid.gov/central-asia-regional/fact-sheets/power-future-fa….

###

Image
Scott Hedlund at the opening of of a Modern Communications Room
Sanobar Khudaybergenova for USAID