USAID o‘zbekistonlik gilos yetishtiruvchilarini yangi eksport bozorlariga chiqishda qo‘llab-quvvatlamoqda
O‘zbekistonning bir paytlar gullab-yashnagan gilos bozori oxirgi yillarda iqlim bilan bog‘liq bo‘lgan jiddiy muammolarga duch keldi. Og‘ir ob-havo sharoitlari, jumladan haroratning sovub ketishi va keskin o‘zgarib turishi katta hosil yo‘qotishlariga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston poytaxti Toshkent yaqinidagi Qibray tumanida joylashgan “AgroElit” fermer xo‘jaligi ham mazkur muammolardan aziyat chekkan korxonalardan biri. Fermer xo‘jaligimizni 2016 yilda 170 gektar yer maydonida ochganmiz, - deydi 44 yoshli ferma boshqaruvchisi Hasan Hoshimov. – Bizda olma, nok, shaftoli va uzum kabi mahsulotlar yetishtiriladi. Faoliyatimizning birinchi yilida 36 gektar maydonda gilos ko‘chatlarini ekib, ilk hosilni 2019 yilda sotganmiz. Ammo joriy yilda havoning keskin sovib ketishi natijasida hosilning 90 foizdan ko‘prog‘i nobud bo‘ldi”. Kutilgan 100 tonna o‘rniga AgroElit bor-yo‘g‘i 8 tonna mahsulot oldi, xolos.
Mahsulotning aksariyat qismi yo‘qotilgani sababli, ferma egalari ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash maqsadida gilos hosilining yarmini eksport qilishga qaror qildi. Aynan mana shu paytda ularga gilosni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga sotish to‘g‘risida taklif kelib tushdi. Eng muhimi mahsulotni mintaqadagi bozorlardan kamida 50 foiz qimmatroqqa sotish mumkin edi.
Yangi imkoniyatlardan foydalanish vaqti kelgandi. Biroq Hasan va uning jamoasi sovuq zanjir va yig‘im-terimdan keyingi amaliyotlar, shu jumladan, qadoqlash talablari to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotga ega emas edi. Bu ma’lumotlar esa eksport qilinayotgan mahsulotning sifatini ushlab turishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi Hasanning fermer xo‘jaligiga mazkur qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam berdi. “AgroElit”ga yuqori sifatli gilos eksport qilish va yangi bozorga muvaffaqiyatli kirib borishga ko‘maklashish maqsadida, loyiha mutaxassislari hosil yig‘im-terimi, uni navlarga ajratish, qadoqlash, tashish, sovutish va saqlash jarayonini diqqat bilan kuzatib, tegishli maslahatlarni berib turishdi. Mutaxassislar “AgroElit” kompaniyasiga, shuningdek, sovutish haroratlarini optimallashtirishga yordam berib, korxonani moslashtirilgan gaz muhitida qadoqlash texnologiyasi bilan tanishtirdi. Mazkur texnologiya qadoqlashning innovatsion usuli bo‘lib, gilosni saqlash muddatini bir yarim oygacha uzaytirib, uning yuqori sifatini saqlab turish imkonini beradi. Yangi texnologiyalar joriy etilgach, “AgroElit” Dubayga umumiy hajmi to‘rt tonna bo‘lgan ikki partiya gilosni muvaffaqiyatli tarzda eksport qilishga muvaffaq bo‘ldi.
“Biz gilos terimdan so‘ng darhol sovutilsa, uning do‘kon rastasida saqlanish muddati 12 kunga uzayishini bildik. Bu bizga eksport uchun qo‘shimcha vaqt taqdim etdi. Ilgari biz sovutishning mazkur usulidan bexabar bo‘lganmiz va mahsulotimizni terib olgach darhol mahalliy bozorlarda sotib kelganmiz”, - deydi Hasan.
“AgroElit” – USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasidan bevosita ko‘mak olgan ko‘plab agrokorxonalardan biri. Loyiha mahalliy fermer va ishbilarmonlarning imkoniyatlarini kengaytirib, ularga yangi bozorlarga chiqish uchun zarur bo‘lgan sifat standartlariga rioya qilishga yordamlashadi. Loyiha doirasida mahalliy agrokorxonalar, shuningdek, mahsulot qo‘shilgan qiymatini oshirish, biznesni boshqarishning yangi texnologiya va usullarini joriy etish, agrobiznesga o‘z rentabelligi, savdo hajmlari va foydasini oshirishda qo‘llab-quvvatlanadi.
“AgroElit”dan tashqari, USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi boshqa mahalliy eksportchilar, shu jumladan, “FS Logistics” hamda “Ferghana Exim Agro” kabi korxonalarga mahsulotga yig‘im-terimdan so‘ng ishlov berish va sovuq zanjirni rivojlantirishda texnik ko‘mak ko‘rsatib, ularning 2021 yilda Latviyaga umumiy hisobda 30 tonnaga yaqin gilos eksport qilishiga hissa qo‘shdi.
“Kelgusi yilda biz eksportga yanada yaxshiroq e’tibor qaratmoqchimiz. Gidrosovutish va qadoqlash uskunalarini xarid qilishni rejalashtiryapmiz. Maqsadimiz – 2022 yilda 150 tonna hosil yig‘ib, uning 90 foizini eksport qilish. Shuningdek, Janubiy Koreya kabi yangi bozorlarni o‘rganish niyatidamiz”, - deydi Hasan Hoshimov.